Ishonch, muloqot va baxslashuv madaniyati

“O‘zi poku, so‘zi poku, ko‘zi pok…” yoki xalqimiz maʼnaviyatining noyob yodgorligi bo‘lmish “Avesto” kitobida ezgu fikr, ezgu so‘z va ezgu amal degan daʼvatlarga urg‘u berilishi ajdodlarimizning komillikni juda keng maʼnoda tushunganini ko‘rsatadi.  Bugun kunda ijtimoiy tarmoqlarni kuzatib borar ekanman,  ayrim muloqotlarni ko‘rib, ko‘pchilikni, ayniqsa yoshlarimizni muomila madaniyati borasidagi  bilimlarini rivojlantirishimiz zarurligini sezaman. Talabalar bilan  bu borada ko‘plab baxs va munozalar olib boramiz. Ularning har bir fikri men uchun ahamiyatli. Zero,  shaxs maʼnaviyatining muhim jihatlaridan biri muomala madaniyatidir.

Insonning maʼnaviyati, fikri, so‘zi va harakati halol mehnat va halol rizq  asosiga qurilishi lozimligi ming yillar mobaynida tarbiyamizning mazmun mohiyatini belgilab kelgan va ushbu g‘oyalar milliy g‘oyamizning ham poydevoriga asos qilib olingan.

Muomala madaniyati — bu insonning boshqalar bilan aloqa o‘rnatish, muloqot qilish va ular bilan munosabatlarni qanday yo‘l bilan tashkil etish ko‘nikmalari va odob-axloq xulqlarini qamrab oladigan holatdir.

                              Ishonch — har bir munosabatning asosi

Insonlar o‘rtasidagi ishonchli munosabatlar, har qanday vaziyatda ham o‘zaro hurmat va erkinlikka asoslangan muloqotni taʼminlaydi. Shuning uchun ham “Ishonch – ishonch yaratadi” – deydi donolar. Muloqotda ishonchning o‘rni beqiyos, chunki u nafaqat bilim, balki insonning ichki dunyosi, qalbidagi ezgu o‘y-xayollari, sog‘lom  fikrlari va tuyg‘ulari bilan chambarchas bog‘liqdir.  Ishonchli munosabatlar odamlarni bir-biriga yana-da yaqinlashtiradi, o‘zaro bir-birini qadrlash,  turli muammolarni, qiyinchiliklarni birgalikda yengishga yordam beradi.

Muomila madaniyatida axloqiy qadriyatlarimiz ham muhim ahamiyat kasb etadi. O‘zini hurmat qiladigan, muomila madaniyatiga ega bo‘lgan shaxs, boshqalar bilan suhbatlashishda har doim aniq, to‘g‘ri va holis bo‘lishga intiladi.

Mavlono Jaloliddin Rumiy taʼkidlaganidek:   “Insonlardagi go‘zallik bu – yuzdir, yuzdagi go‘zallik esa – ko‘zdir. Ammo, insonni inson qilgan bu uning tilidan chiqadigan – so‘zdir”. O‘zaro muloqotlardagi baxslashuv madaniyati, oilada, maktabda va jamiyatda shaxsning ijtimoiy tarbiyasini shakllantirishda muhim rol o‘ynaydi.

Muloqotda baxslashuvning o‘zi, odamlar o‘rtasida to‘g‘ri fikrlar va ehtiyotkorlikning o‘rnatilishidir. Baʼzi vaqtlar bahslarda taʼriflangan nuqtai nazarlarga qarshi chiqish kerak bo‘ladi, ammo bu holatda faqat gaplarning mazmuniga emas, balki gaplashishning madaniyatiga ham eʼtibor qaratish zarur. Chunki baxslashuvda mo‘ljallangan maqsad — biror masala bo‘yicha haqiqatni topish, qo‘pollik yoki tahqirga asoslanmagan, balki inson huquqlari va manfaatlariga hurmat bilan munosabatda bo‘lishdir.

Men faoliyat yuritayotgan Toshkent Davlat agrar universitetida  “Zakovot” musobaqalari, kitobxonlik bellashuvi kabi tadbirlarda eng avval talabalarimizning  baxslashuv madaniyatiga alohida baho beramiz. Bu esa ular o‘rtasidagi do‘stona muhitni mustahkamlashga, hamjixatlikni o‘stirishga hissa qo‘shadi.  Zotan, bir-biriga hurmat, o‘zaro muomala madaniyati milliy qadriyatlarimiz bilan uzviy bog‘liqdir.

Madaniyatli baxslashuv muhokamalarda har kimning fikriga hurmat bilan yondashish, noto‘g‘ri yoki noto‘g‘ri fikrlarni o‘rganishga imkon beradi. Talabalar orasida ochiq va samimiy muloqot munosabatlarni mustahkamlaydi, jamoaviy ishlashga yordam beradi. Shuningdek, ishonchli muloqot ijobiy muhitni shakllantiradi, talaba va o‘qituvchi o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantiradi. Bu barcha taraflar uchun o‘rganish va o‘sish imkoniyatlarini yaratadi, taʼlim jarayonini samarali bo‘lishiga ko‘mak beradi.

Muloqotda haqqoniylik va to‘g‘rilik ham muhim sanaladi. Haqqoniylik, aniq va ochiq fikrlar bildirishni anglatadi. Ko‘pincha odamlar o‘z fikrlarini aytishda yoki unga muvofiq qadamlar tashlashda ehtiyotkor bo‘lishadi. Ehtiyotkor munosabatda bo‘lish, suhbatdoshini hurmat qilish, maqsadini yotiqlik bilan tushuntirish, bizning anʼanalarimizga qadriyatlarimizga xos fazilatdir. Bu esa o‘zaro munosabatlarimizdagi samaradorlik va ishonchni mustahkamlaydi..

Hulosa qilib aytganda shaxsning muomala madaniyati, uning maʼnaviy rivojlanishi va ijtimoiy munosabatlarida muhim o‘rin tutadi. Har bir shaxsning ishonch, muloqot va baxslashuv madaniyati uning axloqiy qadriyatlari va milliy urf-odatlariga bog‘liq bo‘lib, jamiyatdagi munosabatlarning samaradorligini taʼminlaydi. Shuningdek, muomala madaniyati insonlarning o‘zaro hurmat va ishonch bilan yaqinlashishini, baxslarida haqqoniy va to‘g‘ri fikr bildirishini taʼminlashga yordam beradi.

Ulfatoy ABDULLAYEVA,

Toshkent Davlat agrar universiteti “Tillar” kafedrasi mudiri , dotsent

 

 

Улашинг:

Мазкур мақола Mulohaza рукни остида чоп этилди.