Navro‘z — bu nafaqat yangi yil boshlanishi, balki tabiat uyg‘onishi, inson qalbining yangilanishi va ezgulikka intilish ramzidir. Navro‘z bayrami asrlar davomida xalqimizning eng sevimli, eng qadrli anʼanalaridan biri bo‘lib, u ajdodlarimizdan muqaddas meros, milliy qadriyatlarimizning ajralmas qismi sifatida nishonlanadi.
Navro‘z kelishi bilan yer yuziga bahor nafasi ufuradi. Tabiat qish uyqusidan uyg‘onib, daraxtlar kurtak yoza boshlaydi, qushlar sayraydi, dalalar yashil libosga burkanadi. Bu go‘zal manzara inson qalbiga ham iliqlik, mehr va umid bag‘ishlaydi. Shu boisdan Navro‘z — bu faqat tabiat bayrami emas, balki inson ruhiyatining ham qayta uyg‘onishi demakdir.
Milliy qadriyatlarimizda ayniqsa ahillik, mehr-oqibat va saxovat ramzi sifatida alohida o‘rin tutadi. Bu kunda odamlar bir-birini ziyorat qiladi, arazlar unutiladi, qalblar yaqinlashadi. Kattalarga hurmat, kichiklarga izzat ko‘rsatish, muhtojlarga yordam berish kabi ezgu ishlar aynan shu bayramda yana-da keng namoyon bo‘ladi.
Navro‘z dasturxoni ham o‘ziga xos maʼnoga ega. Ayniqsa sumalak tayyorlash anʼanasi xalqimizning sabr-toqati, hamjihatligi va birdamligini namoyon etadi. Ayollar tun bo‘yi qozon atrofida jam bo‘lib, qo‘shiqlar aytib, dildan suhbat qurishadi. Bu jarayon nafaqat taom tayyorlash, balki ruhiy yaqinlik, samimiyat va do‘stlikni mustahkamlash vositasi hamdir.
Bayram kunlari milliy o‘yinlar, xalq sayllari, kurash musobaqalari, qo‘shiq va raqslar xalqning kayfiyatini yana-da ko‘taradi. Bu tadbirlar yosh avlodni milliy merosimizga hurmat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Navro‘z bayrami insonlarni tabiatga ehtiyotkor bo‘lishga, uni asrashga ham undaydi. Chunki tabiat — bu hayot manbai. Ajdodlarimiz yerni muqaddas deb bilgan, uni parvarish qilishni o‘zlarining burchi deb hisoblagan. Shu anʼana bugungi kunda ham davom etib, ekologik madaniyatni shakllantirishga xizmat qilmoqda.
Xulosa qilib aytganda, Navro‘z — bu xalqimizning maʼnaviy boyligi, milliy o‘zligimiz ifodasi va ezgulik bayramidir. U insonlarni yaxshilikka, birdamlikka, mehr-shafqatga chorlaydi. Zero, Navro‘zni ulug‘lash, insonni ulug‘lashdir.
Navro‘z har bir xonadonga qut-baraka, tinchlik va farovonlik olib kelsin. Har kunimiz Navro‘z bo‘lsin!
Moxinaxon SOYIBNAZAROVA,
Beshariq tumani Tibbiyot birlashmasi
perinatal markazi hamshirasi